Chevrolet.uz rasmiy veb-sayti yangilangan talqinda ishga tushirildi
Bugungi kunda avtomobil xarid qilish jarayoni avtosalonga tashrif buyurishdan emas, balki smartfon ekranidagi bitta tugmani bosishdan boshlanadi.
Zamonaviy talablarni e’tiborga olgan holda, Chevrolet Uzbekistan o‘zining rasmiy veb-saytining yangilangan talqinini ishga tushirilganini ma’lum qiladi.
Yangi platforma shunchaki vizual ko‘rinishni o‘zgartirish emas, balki avtomobillar bilan tanishishdan tortib xaridgacha bo‘lgan barcha bosqichlarni yanada sodda va tezkor qilish uchun yaratildi.
Chevrolet’ning global brend standartlariga moslangan dizayn, zamonaviy ranglar palitrasi va intuitiv interfeys foydalanuvchilarga sifat jihatidan yangi raqamli muhitni taqdim etadi. Shuningdek, sayt har qanday qurilmada barqaror va yuqori tezlikda ishlashi uchun to‘liq optimallashtirildi.
Shuningdek, model sahifalari to‘liq yangilanib, endilikda foydalanuvchilar avtomobillar haqidagi ma’lumotlarni oson topishi, komplektatsiyalarni o‘zaro taqqoslashi, texnik tavsiflar va jihozlanish xususiyatlari bilan batafsil tanishishi hamda onlayn test-drayvga ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.
Yangilanishlar doirasida bosh sahifadagi avvalgi bir joyida turadigan slayderlar dinamik, ketma-ket almashib turuvchi zamonaviy bannerlarga almashtirildi.
Yangilangan platformaning funksional imkoniyatlari blog bo‘limi bilan to‘ldirildi. Unda modellar qatori, kompaniya tadbirlari va maxsus takliflar haqidagi rasmiy ma’lumotlar muntazam e’lon qilib boriladi.
Bundan tashqari, saytni boshqarishning yangilangan tizimi yangi materiallarni tezkorlik bilan qo‘shish hamda tashrif buyuruvchilar qoldirgan arizalarni tezda qayta ishlash imkonini beradi.







